MDH: «Avaza»da ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi va qator qarorlar imzolandi

Siyosat

2026-yil 7-oktabr kuni Turkmanistonning «Avaza» milliy turistik zonasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar, MDH doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi va qator hujjatlar imzolandi.

MDH: «Avaza»da ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi va qator qarorlar imzolandi
Yig‘ilishda Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari hamda MDH Bosh kotibi ishtirok etdi. Turkmanistonning 2026-yildagi MDHdagi raisligini hisobga olgan holda, tashkilot faoliyatining dolzarb masalalari va joriy yildagi ishlarning dastlabki yakunlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, tashqi siyosatni muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, 2026-yilda nishonlanayotgan MDHning 35 yilligi alohida qayd etildi.

Yig‘ilishda madaniy-gumanitar hamkorlik, turizm, jismoniy tarbiya va sport, shuningdek, yoshlar yo‘nalishidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar konstruktiv muloqotni davom ettirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuvlar tor va kengaytirilgan formatlarda o‘tkazildi. Shuningdek, MDH Davlat rahbarlari kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, samarali transport-logistika zanjirlarini shakllantirish, gumanitar va yoshlar almashinuvlarini faollashtirish, raqamli hamkorlikni rivojlantirish hamda zamonaviy chaqiriq va xavfsizlik tahdidlariga birgalikda qarshi turish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Yig‘ilish yakunida qator hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ular orasida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risidagi Protokol qarori bor.

Shuningdek, Turkmaniston tashabbusi bilan MDH doirasida 2029-yilni Hamdo‘stlikning Transport o‘zaro bog‘liqligi yili deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, 2027-yilda MDHda Huquqiy ma’rifat yilini tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi hamda MDHga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi ko‘p darajali siyosiy maslahatlashuvlar rejasi bo‘yicha qarorlar imzolandi.

Qabul qilingan hujjatlar Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va ko‘p tomonlama aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing