Mercedes-Benz harbiy texnika ishlab chiqarishga tayyor

Biznes

Germaniyaning eng yirik avtokonsernlari ketma-ket o‘z quvvatlarini armiya ehtiyojlariga moslashtirishga tayyor ekanliklarini e’lon qilishmoqda. Kuchayib borayotgan geosiyosiy beqarorlik va Berlinning qit’a xavfsizligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga chaqiriqlari fonida, hatto Mercedes-Benz kabi premium gigant ham harbiy texnika ishlab chiqarishni boshlashi mumkinligini rasman ma’lum qildi.

Mercedes-Benz harbiy texnika ishlab chiqarishga tayyor
Mercedes-Benz konserni rahbari Ola Kallenius The Wall Street Journal gazetasiga bergan intervyusida, agar iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lsa, kompaniya mudofaa sanoati bozoriga kirishga tayyorligini bildirdi. U oldindan aytib bo‘lmaydigan dunyoda Yevropa o‘zining harbiy salohiyatini mustahkamlashi zarurligini va avtokonsern bu jarayonda ijobiy rol o‘ynashga tayyorligini ta’kidladi. Bunda harbiy segment brendning umumiy portfelida kichik ulushni tashkil etadi.

Ushbu qadam Germaniya sanoatining umumiy harbiylashuv tendensiyasini aks ettiradi. Avvalroq, Volkswagen kompaniyasi Isroilning “Rafael” firmasi bilan Osnabryukdagi zavodini “Temir gumbaz” havo mudofaa tizimi uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga qayta moslashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Shu bilan birga, qurol-yarog‘ giganti Rheinmetall ham hamkorlikni kengaytirib, niderlandiyalik hamkorlar bilan qanotli raketalar ishlab chiqarishni va Deutsche Telekom bilan birgalikda dronlardan himoya qilish tizimlarini yaratishni rejalashtirmoqda.

Biznesning bunday faolligi Germaniya Mudofaa vazirligi pozitsiyasiga to‘liq mos keladi. Berlin Yevropa davlatlari jamoaviy xavfsizlik uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari shartligini ochiq aytyapti va Germaniya sanoat sektori fuqarolik ishlab chiqarishni harbiy izga solish orqali ushbu jarayonga faol qo‘shildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing