Mirziyoyev Andijonda 2027-yilda kamida 10 foizlik iqtisodiy o‘sishni ta’minlash vazifasini qo‘ydi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. 2027-yilda viloyatda kamida 10 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, $5 mlrd investitsiya jalb qilish va eksportni $1,5 mlrdga yetkazish vazifasi belgilandi.

Mirziyoyev Andijonda 2027-yilda kamida 10 foizlik iqtisodiy o‘sishni ta’minlash vazifasini qo‘ydi
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8%, sanoat 9,2%, xizmatlar 16,1%, investitsiyalar esa 8,9% o‘sdi. «Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim», — dedi davlat rahbari.

So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trln so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 90 trln so‘m yo‘naltirildi. Joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trln so‘m ajratildi.

Yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga sifati va iqtisodiyotga ta’siriga ham e’tibor qaratildi. Yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon $7 mlrd investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rnini yaratishi kerak. Shu bilan birga, joriy yilga rejalashtirilgan $3,5 mlrd investitsiyaning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani qayd etildi.

Asakadagi avtomobilsozlik va mashinasozlikning 30 yillik tajribasi asosida o‘z texnologiyalarini yaratishga o‘tish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etish, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari zanjirini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Ushbu yo‘nalishlarda viloyatda 10 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

To‘qimachilikda Yevropadan dizayner, konstruktor va brendlarni jalb qilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini $1,5 mlrddan oshirish imkoniyati qayd etildi. Endi investitsiya samaradorligi har bir kvadrat metrda yaratilgan qo‘shilgan qiymat bilan baholanadi.

Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida 13 ta hududda loyiha menejeri lavozimi joriy etiladi. Andijonda u yangi investitsiya modelini shakllantiradi: tumanlarning sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligidagi salohiyati sun’iy intellekt yordamida baholanadi.

Aylanmasi 100 mlrd so‘mdan yuqori 104 ta korxona uchun kengayish loyihalari tayyorlanib, 20–30 ming yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda. Aylanmasi 1 trln so‘mdan yuqori to‘rtta korxonada modernizatsiya orqali qo‘shilgan qiymatni 40–50% oshirish choralari ko‘riladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing