Mirziyoyev maktabgacha, kasbiy va oliy ta’lim uchun yangi choralarni e’lon qildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha, kasbiy va oliy ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni e’lon qildi. Ular ishlaydigan onalarga yordam berish, tarbiyachilar va texnikum o‘quvchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda oliy ta’lim mazmunini mehnat bozori talablariga moslashtirishni nazarda tutadi.

Mirziyoyev maktabgacha, kasbiy va oliy ta’lim uchun yangi choralarni e’lon qildi
Kelasi yil 1-yanvardan 2–3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishlaydigan onalarning badal puli budjet hisobidan qoplanadi. Bu yil 7 ming tarbiyachi oliygohlarga o‘qishga kirdi: ular haftasiga besh kun ishlab, bir kun ta’lim olmoqda. Yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida tarbiyachilar uchun o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqaradi. Kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

Kasbiy ta’limda so‘nggi ikki yilda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Xitoy xalqaro dasturlari 104 ta texnikumga joriy etildi. 25 ming korxona bilan hamkorlik natijasida 100 mingdan ortiq yosh o‘qish bilan birga daromad topish imkoniga ega bo‘ldi. Bu yildan dual ta’limdagi yoshlarga 1,3 million so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda, texnikumlarga 220 ming 9-sinf bitiruvchisi jalb qilindi.

Xalqaro dasturlar barcha texnikumlarga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustaga 50 foiz ustama beriladi va sertifikat xarajati to‘liq qoplanadi. Har yili 500 nafar texnikum ustasi xorijda stajirovka o‘taydi.

«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovida 170 ming o‘quvchi qatnashdi. G‘oliblarni tayyorlagan 120 ustaga 40 million so‘mgacha mukofot berildi. Tanlov har yili o‘tkaziladi, eng munosib o‘quvchi va ustalar 2028-yilda Tokioda bo‘ladigan jahon chempionatiga tayyorlanadi. Mintaqaviy yoki xalqaro tanlov g‘olibini tayyorlagan ustaga 100 million, jahon miqyosidagi g‘olibni tayyorlagan ustozga 200 million so‘m mukofot beriladi.

Xususiy texnikumlar uchun soliq imtiyozlari va yer narxiga chegirmalar beriladi. Kelasi o‘quv yilidan sanoat, servis va infratuzilma uchun kadr tayyorlaydigan xususiy texnikumlar o‘quvchilarining 50 foiziga davlat granti ajratiladi. Xalqaro dastur va franshizalar xarajatlarining 75 foizi qoplanadi, laboratoriya va jihozlarni olib kirish bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Oliy ta’limda talabalar soni 1,6 millionga yetdi, yetti oliygoh 17 fan bo‘yicha xalqaro reytinglarga kirdi. Prezident darsliklarni yangilash zarurligini ta’kidlab, 22 ta muhandislik oliygohiga har yili 25–30 ta yangi o‘quv adabiyoti yaratish yoki ilg‘or kitoblarni moslashtirish vazifasini qo‘ydi. 11 ta tibbiyot oliygohi transplantologiya, robot xirurgiyasi, kam invaziv jarrohlik va biomuhandislik bo‘yicha zamonaviy adabiyotlar tayyorlashi kerak.

Davlat universitetlari kuzatuv kengashlarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan iborat bo‘ladi. Kengashlar o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtiradi, xorijiy mualliflar bilan hamkorlikda har yili kamida 50 ta darslik yaratiladi. Kurs ishlari va dissertatsiyalar iqtisodiyotning amaliy muammolariga yo‘naltiriladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing