Mirziyoyev: O‘zbekiston va Koreya strategik sheriklikning yangi sahifasini ochmoqda

Dunyo

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlarida davlat rahbarining «O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajakka yo‘naltirilgan sheriklik» nomli maqolasi chop etildi. Unda ikki davlat munosabatlarining tarixiy asoslari, erishilgan natijalar va hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yoritilgan.

Mirziyoyev: O‘zbekiston va Koreya strategik sheriklikning yangi sahifasini ochmoqda
Maqolada O‘zbekiston-Koreya munosabatlari yuqori darajadagi ishonch, umumiy qadriyatlar va mustahkam insoniy aloqalarga asoslangan alohida strategik sheriklik sifatida ta’riflanadi. Koreya Respublikasining bir avlod davomida zamonaviy va yuqori texnologiyali davlatga aylangani alohida qayd etilib, uning modernizatsiya va innovatsiyalar sohasidagi tajribasi Yangi O‘zbekistonni barpo etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.

So‘nggi yillarda iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada kengaydi. Tovar ayirboshlash hajmi besh baravar oshdi, Koreya investitsiyalari $8 milliarddan ortdi. O‘zbekistonda 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar mavjud, KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan dasturlar portfeli esa $3,5 milliarddan oshadi. Rasmiy manbalardagi so‘nggi tahliliy materiallarda ham Koreya kapitali ishtirokidagi qariyb 700 ta korxona va $8 milliarddan ortiq investitsiya qayd etilgan.

Hamkorlikning yangi bosqichi sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, elektrotransport, biofarmatsevtika, «aqlli» qishloq xo‘jaligi va «aqlli» shaharlar kabi yo‘nalishlar bilan bog‘lanmoqda.

«Biz sheriklikning yangi sahifasini ochishimiz — alohida tarmoqlardagi muvaffaqiyatli hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tishimiz mumkin», — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Maqolada 16-sentabr kuni Seulda bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» birinchi sammitiga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston unda siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va yangi samarali mexanizmlarni shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda. Sammit formatning davlat rahbarlari darajasidagi ilk yig‘ilishi bo‘lishi kutilmoqda.

Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu takliflar Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvorliklarga yo‘naltirilgan shaklga keltirishi kerak.

«Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikning yangi hamkorlik makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman», — deyiladi maqolada.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing