Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Ulan-Batordagi COP17 sammitida O‘zbekistonning ekologik tashabbuslarini yuqori baholadi

Dunyo

Ulan-Bator shahrida 17-28-avgust kunlari «Yerni qayta tiklash. Umidni qayta tiklash» shiori ostida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 17-sessiyasi (UNCCD COP17) o‘z ishini boshladi. Ushbu xalqaro forum yerlar yemirilishining oldini olish, qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish hamda qum va chang bo‘ronlari oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida a’zo davlatlar delegatsiyalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari hamda ilmiy-ekspertlik doiralari vakillarini bir joyga jamladi.

Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Ulan-Batordagi COP17 sammitida O‘zbekistonning ekologik tashabbuslarini yuqori baholadi
O‘zbekiston delegatsiyasi anjuman doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning amaliy natijalarini namoyish etuvchi Milliy pavilyonni taqdim etdi. Eksponatda degradatsiyaga uchragan hududlarni qayta tiklash, yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik xatarlarni kamaytirish va Orolbo‘yi ekotizimining barqarorligini ta’minlash, jumladan, keng ko‘lamli o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yoritilgan.

Konferensiyaning birinchi kunida pavilyonga Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Nyam-Osoryn Uchral tashrif buyurdi. Mo‘g‘uliston hukumat rahbariga mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi tizimli yechimlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Nyam-Osoryn Uchral respublikaning ishtirok darajasini yuqori baholab, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi faolligini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bunday format amaliy tajriba almashish va birgalikdagi ekologik tashabbuslarni ilgari surishda samarali vosita hisoblanadi.

Milliy pavilyon maydoni xalqaro hamkorlar va moliya institutlari bilan muloqot maydonchasi sifatida o‘z ishini davom ettirmoqda. COP17 o‘tkaziladigan ikki hafta davomida ilg‘or texnologiyalarni jalb etish hamda yerdan foydalanish sohasida yangi loyihalarni shakllantirishga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuvlar, mavzuli taqdimotlar va sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing