Nishonda bazalar: Eron raketalari qayerlargacha yetadi

Dunyo

Eronning raketa arsenali Yaqin Sharqdagi eng yirik va eng xilma-xil arsenallardan biri bo‘lib qolmoqda. U nafaqat Isroil hududini, balki mintaqadagi AQShning asosiy harbiy obyektlarini ham nishonga olish imkoniga ega. Yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar va mintaqadagi keskinlik fonida potensial nishonlar masalasi yana diqqat markaziga chiqdi.

Nishonda bazalar: Eron raketalari qayerlargacha yetadi
Tahlilchilarga ko‘ra, 2025 yil yozidagi harbiy harakatlardan so‘ng Eronda taxminan 1500 ta raketa va qariyb 200 ta uchirish qurilmasi saqlanib qolgan. Eron rasmiylari esa raketa salohiyati tiklangani va hatto kengaytirilganini ta’kidlashmoqda.

Tehron ixtiyorida qisqa va o‘rta masofali o‘nlab turdagi ballistik raketalar mavjud — 300 kilometrgacha uchadigan tizimlardan tortib, 2000 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladigan raketalargacha. Bu esa nafaqat Isroil, balki butun Arabiston yarimorolida joylashgan nishonlarga zarba berish imkonini beradi.

Potensial nishonlar qatoriga Iroq, Suriya, Quvayt, Qatar, BAA, Ummon va Bahrayndagi AQSh harbiy bazalari kiradi. Bahraynda AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti joylashgan bo‘lib, u Fors ko‘rfazidan Hind okeanigacha bo‘lgan hududni nazorat qiladi.

Quvaytda bir nechta yirik amerikalik harbiy obyektlar, jumladan Kemp-Arifjan va Ali al-Salem aerodromi joylashgan. BAAdagi asosiy strategik obyekt esa Abu-Dabi yaqinidagi Al-Dafra aviabazasi hisoblanadi. Qatardagi Al-Udeyd bazasi esa AQSh Markaziy qo‘mondonligining ilg‘or shtabi bo‘lib, u yerda qariyb 10 ming harbiy xizmatchi joylashtirilgan.

Alohida strategik ahamiyatga ega obyekt — Turkiyaning janubidagi Injirlik aviabazasi bo‘lib, u Turkiya va AQSh havo kuchlari tomonidan birgalikda boshqariladi. G‘arb manbalariga ko‘ra, bu yerda AQShning yadro kallaklari ham joylashtirilgan.

Eron ballistik raketalarni AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi strategik tiyib turish vositasi sifatida ko‘radi. Tehron raketa dasturi muzokaralarga qo‘yilmasligini ta’kidlamoqda, Vashington esa unga cheklovlar kiritishni talab qilmoqda.

Shu fonda AQSh Yaqin Sharqda harbiy ishtirokini kuchaytirib, qo‘shimcha samolyotlar va kemalarni mintaqaga yubormoqda. Mutaxassislar fikricha, keskinlik kuchaysa, aynan AQSh bazalari ehtimoliy Eron zarbasining asosiy nishoniga aylanishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing