Nyu-Dehlidagi B2B muloqotdan Jizzaxdagi eksport loyihasigacha

Biznes

BMB HOLDING va Hindistonning Bhavesh Trading Company kompaniyasi o‘rtasidagi muzokaralar biznes muloqotidan aniq eksport imkoniyatini ishlab chiqish bosqichiga o‘tdi. Tomonlar BMB HOLDING tomonidan yetishtiriladigan va qayta ishlanadigan sarimsoq mahsulotlarini Hindiston bozoriga yirik hajmlarda yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Nyu-Dehlidagi B2B muloqotdan Jizzaxdagi eksport loyihasigacha
19-avgust kuni BMB HOLDING tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti direktori Bobir Yahyoyev Bhavesh Trading Company asoschisi Sunil Karar bilan uchrashdi. Hindiston kompaniyasi 1965-yildan buyon agro-savdo sohasida faoliyat yuritadi va yangi meva, sabzavot hamda ziravorlarni import va eksport qilishga ixtisoslashgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning savdo tarmog‘i to‘rt qit’adagi 18 dan ortiq mamlakatni qamrab oladi.

Uchrashuv 3–4-avgust kunlari Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Hindiston biznes-forumi va B2B muzokaralarining davomi bo‘ldi. Toshkentdagi muzokaralarda sarimsoq mahsulotining sifati va hajmi, qadoqlash, saqlash hamda logistika talablari batafsil muhokama qilindi.

Keyingi bosqichda hindistonlik hamkor BMB HOLDINGning Jizzax viloyatidagi ishlab chiqarish quvvatlariga tashrif buyuradi. Tashrif davomida mahsulotni yetishtirish, saqlash va qayta ishlash jarayonlarini o‘rganish, sifatini joyida baholash hamda ehtimoliy yetkazib berish hajmlarini aniqlash rejalashtirilgan.

Loyiha ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar o‘sib borayotgan bir sharoitda rivojlanmoqda. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshib, $1,3 milliarddan ortgan. 2026-yil uchun bu ko‘rsatkichni $2 milliardga yetkazish maqsad qilingan. O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi qariyb 400 ta korxona faoliyat yuritmoqda, qo‘shma loyihalar portfeli esa $5 milliarddan oshadi.

Jizzaxdagi tashrifdan so‘ng tomonlar yetkazib berish hajmi va jadvali, shuningdek, hamkorlikning tijoriy shartlarini kelishib olishni rejalashtirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing