Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi yuqori darajadagi haftaligi boshlanadi

Dunyo

18-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida yuqori darajadagi haftalik boshlanadi. Asosiy tadbirlar tashkilotning Nyu-Yorkdagi qarorgohida o‘tkaziladi, umumiy munozaralar esa 22–28-sentabr kunlari, 27-sentabrdagi tanaffus bilan davom etadi.

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi yuqori darajadagi haftaligi boshlanadi
Joriy sessiyaning mavzusi “Ishonchni tiklash, o‘zgarishlarni boshqarish: barchaga xizmat qiladigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti” deb belgilangan. 81-sessiya raisi etib Bangladesh vakili Xalilur Rahmon saylangan.

Yuqori darajadagi haftalik 18-sentabr kuni Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan tadbir bilan boshlanadi. Dasturning asosiy qismi umumiy munozaralar bo‘lib, unda davlat va hukumat rahbarlari hamda boshqa yuqori martabali vakillar xalqaro masalalar yuzasidan o‘z mamlakatlari pozitsiyasini taqdim etadi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, yuqori darajadagi haftalikda qariyb 130 davlat va hukumat rahbari shaxsan ishtirok etadi.

Kutilayotgan ishtirokchilar orasida AQSh Prezidenti Donald Tramp, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Eron Prezidenti Masud Pezeshkiyon bor. Rossiya delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qiladi, uning nutqi 26-sentabrga rejalashtirilgan. KXDR tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kim Son Gyongning ham ishtiroki kutilmoqda.

Falastin ishtiroki ham alohida e’tibor markazida bo‘ladi. AQSh Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga ikkinchi yil ketma-ket kirish vizasini bermadi. Biroq Bosh Assambleya unga videomurojaat orqali chiqish qilishga ruxsat berdi.

Dasturda iqlim va adolatli energetik o‘tish, dengiz sathi ko‘tarilishi, pandemiyalarning oldini olish kabi masalalarga bag‘ishlangan yuqori darajadagi uchrashuvlar ham bor.

Joriy sessiya BMTning ko‘p tomonlama tizimidagi ishonch masalasi muhokama qilinayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Bosh Assambleya raisi Xalilur Rahmon ishonchni tiklash zarurligini ta’kidlagan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa bu vazifani xalqaro tizim uchun eng muhim masalalardan biri deb atagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing