Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi

O'zbekiston

18-avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda qurilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. Qurilish 2022-yil noyabrida boshlangan bo‘lib, yangi majmua mamlakatning eng yirik sport loyihalaridan biri va xalqimizning yaratuvchan salohiyati ramziga aylandi.

Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi
100 gektardan ortiq maydonda 290 million dollarlik zamonaviy majmua CAMC Engineering kompaniyasi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq barpo etildi.

Shaharchada beshta asosiy sport inshooti joylashgan: velotrek, 12 ming o‘rinli stadion, suv sport turlari saroyi, jamoaviy sport va yakkakurash zallari.

Velotrek Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablariga to‘liq javob beradi. Trassasi eng mustahkam yog‘ochdan qurilgan, aerodinamika va yoritilish hisobga olingan. 2200 tomoshabinga mo‘ljallangan tribunalar o‘rnatilgan. Velotrekda shuningdek stol tennisi va qilichbozlik bo‘yicha musobaqalar ham o‘tkazilishi mumkin.
Markaziy stadion 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, to‘qqiz yo‘lakli yugurish yo‘lagi bilan jihozlangan. Bu yerda jahon chempionatlari, Paralimpiya o‘yinlari va boshqa yirik musobaqalar o‘tkazilishi mumkin.

Suv sport turlari saroyi xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi. Bu yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish va suv polosi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin. World Aquatics ekspertlari ham inshootni yuqori baholadi.
Basketbol, voleybol, gandbol, dzyudo, boks va taekvondo bo‘yicha zallar ham barpo etildi. Shuningdek, 15 ta ochiq sport maydonchasi va 400 o‘rinli paralimpiya sportchilari uchun yotoqxona qurildi.
Prezident Mirziyoyev sportchilar xalqaro maydonlarda erishgan har bir g‘alaba xalqimiz faxri va yoshlarga ilhom manbai ekanini ta’kidladi hamda yengil atletika, velosport va ommaviy stol tennisi bo‘yicha rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishni topshirdi.

Olimpiya shaharchasidagi barcha inshootlar energiya tejamkor bo‘lib, avtoturargohlarda quyosh panellari o‘rnatiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing