Osiyo kapitali O‘zbekiston o‘sishini tezlashtirdi

Iqtisodiyot

Yevroosiyo taraqqiyot banki hisobotiga ko‘ra, 2024 yil boshidan 2025 yil birinchi yarmi oxirigacha Markaziy Osiyoda investitsiyalar o‘sishining qariyb 62 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mamlakat mintaqada eng yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatdi.

Osiyo kapitali O‘zbekiston o‘sishini tezlashtirdi
2025 yil birinchi yarmi yakuniga kelib, Osiyo davlatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 22,6 milliard dollarga yetdi. 2024 yil boshida bu ko‘rsatkich 11 milliard dollarni tashkil etgan edi. Shunday qilib, qisqa muddat ichida sarmoyalar hajmi deyarli ikki baravar oshdi.

Umuman olganda, 2016 yildan 2025 yil birinchi yarmi oxirigacha Markaziy Osiyo davlatlari Osiyo investitsiyalaridan qariyb 68 milliard dollar jalb qildi. Bu Yevroosiyo mintaqasidagi umumiy investitsiyalarning qariyb 57 foizini tashkil etadi.

Mintaqada yirik sarmoyalar Turkmanistonda 20,6 milliard dollar va Qozog‘istonda 19,3 milliard dollarni tashkil etdi. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 3,2 milliard dollar, Tojikistonda esa 2,4 milliard dollarga yetdi.

Global to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi kamayib borayotganiga qaramay, Yevroosiyo mamlakatlari ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. 2024 yil — 2025 yil birinchi yarmi davomida mintaqa iqtisodiyotlariga Osiyodan qariyb 20 milliard dollar sarmoya kiritildi.

2025 yil birinchi yarmi yakuniga kelib, mintaqada to‘plangan investitsiyalar hajmi 119,8 milliard dollarga yetib, 2023 yilga nisbatan qariyb 20 foizga oshdi.

Eng yirik investor Xitoy bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlari ham katta hissa qo‘shdi: 2024 yil — 2025 yil birinchi yarmi davomida ular qariyb 9 milliard dollar investitsiya kiritib, yangi kapital oqimining deyarli yarmiga teng ulushni ta’minladi.

Investorlarning asosiy qiziqishi energetika, jumladan elektroenergetika va qayta tiklanuvchi energiya loyihalari, shuningdek sanoat va infratuzilma sohalariga qaratilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing