O‘zbekistonning Birinchi xonimi Gʻazoda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi

Dunyo

“Falastin diyorida yuz berayotgan dahshatli voqealarga tomoshabin bo‘lib, jim qarab tura olmaymiz ”, dedi O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi. Birinchi xonimga ko‘ra, Gʻazoda bir oydan ortiq vaqt davom etayotgan, ming-minglab insonlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar umriga zomin bo‘layotgan dahshatli voqealarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

O‘zbekistonning Birinchi xonimi Gʻazoda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi


Istanbuldagi "Falastin uchun tinchlik sari birgalikda" sammitida nutq so‘zlagan O‘zbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva qurolli to‘qnashuvlar oqibatida barcha qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildirdi. Gʻazoda bir oydan ortiq vaqt davom etayotgan, ming-minglab insonlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar umriga zomin bo‘layotgan dahshatli voqealarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini qayd etdi.

"Ming afsuski, xalqaro hamjamiyatning kuchli e’tirozi va bosimiga qaramay, halokat va vayronagarchilik ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada ortib, uning oxiri sira ko‘rinmayapti. Natijada qurolli to‘qnashuvlarga mintaqadagi yangi kuchlarning tortilish ehtimoli tobora kuchaymoqda", dedi Mirziyoyeva.

O‘zbekiston Prezidentining rafiqasiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqi Falastinning tinch aholisi boshiga tushgan kulfat va qayg‘u-alamlarni yurakdan o‘tkazmoqda. Birinchi xonim har ikki tomonni ham zudlik bilan o‘t ochish va jangovar harakatlarni to‘xtatishga, tang ahvolda qolgan aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun imkoniyat yaratishga, nizoni faqatgina tinch, diplomatiya yo‘li bilan “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishga chaqirib, O‘zbekistonning bu boradagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.

O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdam va yakdil ekani, uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Sammit yakunida davlat va hukumat rahbarlari rafiqalarining Gʻazo sektori bo‘yicha yig‘ilishi Yaxshi niyat deklaratsiyasi qabul qilindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing