Ozarbayjon va Armaniston TIV rahbarlari 10-may kuni Olmaotada uchrashadi

Siyosat

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov va Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan 10-may kuni Olmaotada uchrashib, ikki davlat oʻrtasida tinchlik shartnomasini tayyorlash masalasini muhokama qiladi. Bu haqda Ozarbayjon TIV matbuot kotibi Ayxan Hojizodaning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bergan xabariga tayanib, Report xabar berdi.

Ozarbayjon va Armaniston TIV rahbarlari 10-may kuni Olmaotada uchrashadi
“Avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov va Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan o‘rtasidagi muzokaralar 2024-yil 10-may kuni Olmaota shahrida bo‘lib o‘tadi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasining ikki hukumat o‘rtasida tinchlik shartnomasini tayyorlash uchun Olmaotada o‘z tashqi ishlar vazirlari bilan muzokara o‘tkazish niyatini ma’qullagani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Ozarbayjon harbiy operatsiya o‘tkazib, Tog‘li Qorabog‘ hududini to‘liq nazoratga oldi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi rahbari Samvel Shahramanyan 2024-yil 1-yanvardan uning mavjudligini tugatish to'g'risidagi farmonni imzoladi. Mintaqani 100 mingdan ortiq etnik armanlar tark etdi. 5-oktyabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing