Ozarbayjonda “Birlik kuchi — 2026” uch tomonlama harbiy mashg‘ulotlari boshlandi

O'zbekiston

Ozarbayjonda Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston harbiy xizmatchilari ishtirokidagi “Birlik kuchi — 2026” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlandi. Mashg‘ulotlarning ochilish marosimi 22 sentyabr kuni Xo‘javand tumanidagi “Qizilqaya” o‘quv markazida o‘tkazildi.

Ozarbayjonda “Birlik kuchi — 2026” uch tomonlama harbiy mashg‘ulotlari boshlandi
Mashg‘ulotlar uch bosqichdan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida uchta maydonda o‘tkazilmoqda: Qorabog‘ iqtisodiy rayonidagi “Qizilqaya”, Naxchivon Muxtor Respublikasidagi “Qorabog‘lar” o‘quv markazlari hamda Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektoridagi “Bo‘yuk-Zira” o‘quv hududida.

Unda harbiy xizmatchilar, jangovar texnika, harbiy-dengiz va aviatsiya vositalari, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari jalb etilgan. Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadlari qo‘shma operatsiyalarga tayyorgarlikni oshirish, bo‘linmalar o‘rtasidagi muvofiqlikni kuchaytirish, tayyorgarlik jarayonlarini standartlashtirish va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirishdan iborat.

Mashg‘ulotlarga tayyorgarlik oldindan boshlangan. 17 iyul kuni Jamshid Naxchivonskiy nomidagi harbiy litseyda ularni rejalashtirish bo‘yicha konferensiya o‘tkazilib, unda Ozarbayjon, Turkiya, O‘zbekiston, Eron, Qirg‘iziston va Pokiston vakillari qatnashgan.

18 sentyabrga kelib Turkiya harbiy xizmatchilari va aviatsiya vositalari Ozarbayjonga yetib kelgan. Mashg‘ulotlarning yakunlanish sanasi va jalb etilgan harbiylar soni rasmiy ravishda e’lon qilinmagan.

Ochilish marosimida uch mamlakat vakillari qo‘shma tayyorgarlik, tajriba almashish va vazifalarni birgalikda bajarishda muvofiqlikni oshirish muhimligini ta’kidladilar.

“Birlik kuchi — 2026” Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston ishtirokidagi quruqlik, havo va dengiz komponentlarini birlashtirgan uch tomonlama harbiy mashg‘ulot sifatida o‘tkazilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing