Ozarbayjonning Ganja shahrida O'zbekistonning faxriy konsulxonasi ochildi

Dunyo

Ozarbayjonning qadimiy shaharlaridan biri — Ganjada O'zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

Ozarbayjonning Ganja shahrida O'zbekistonning faxriy konsulxonasi ochildi
Ma’lum qilinishicha, O'zbekiston faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi Ganja shahar ijro hokimiyati boshlig'i Niyazi Bayramov, Ganja shahridagi Turkiya va Gruziya Bosh konsulxonalari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari, ilm-fan namoyandalari, faol vatandoshlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida bo'lib o'tdi.

Tantanali tadbirda so'zga chiqqanlar ushbu voqea qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamda sherikchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish uchun ajoyib imkoniyat yaratishini ta'kidladilar. Shuningdek, Ganjada O'zbekiston faxriy konsulxonasining ochilishi ikki qardosh mamlakat solnomalarida tarixiy voqea sifatida qayd etilishi aytib o'tildi.

O'zbekistonning Ozarbayjondagi birinchi faxriy konsuli etib Kyanan Jalilov tayinlandi.

Faxriy konsulxonasi o'z okrugi doirasida mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizga investitsiya va sayyohlarni jalb etish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ko'maklashadi.

Rasmiy ochilish marosimidan so'ng elchixona xodimlari tomonidan ushbu shaharda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing