O‘zbekiston 2031-yilda BMTning jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha 16-Kongressiga mezbonlik qiladi

Dunyo

O‘zbekiston 2031-yilda BMTning jinoyatchilikning oldini olish va jinoyat odil sudloviga bag‘ishlangan 16-Kongressiga mezbonlik qiladi. Bu haqda Abu-Dabida 2026-yil 26-sentyabrdan 1-oktyabrgacha o‘tkazilayotgan BMTning 15-Kongressida ishtirok etayotgan Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi. Joriy forum sanalari BMTning rasmiy materiallarida ham qayd etilgan.

O‘zbekiston 2031-yilda BMTning jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha 16-Kongressiga mezbonlik qiladi
Kongressda turli mamlakatlardan qariyb 5 ming nafar vakil ishtirok etmoqda. Kun tartibidan transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi va korrupsiyaga qarshi kurash, ekologik huquqbuzarliklar, bolalarni himoya qilish, jinoyat odil sudlovini takomillashtirish va qonun ustuvorligini mustahkamlash masalalari o‘rin olgan. BMT forum doirasida jinoyatchilikning yangi shakllari, xalqaro hamkorlik va texnologiyalardan foydalanishga ham e’tibor qaratmoqda.

Kongress doirasida Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Monika Juma bilan uchrashdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston UNODC bilan faol hamkorlik qilib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.

O‘zbekiston uchun navbatdagi kongressni mamlakatda o‘tkazish masalasi alohida ahamiyatga ega. Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, ishtirokchi davlatlar O‘zbekistonning kongressni o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va bu yakuniy deklaratsiyada o‘z aksini topgan. U ushbu qo‘llab-quvvatlashni O‘zbekistonga, uning ochiqligi va muloqotga tayyorligiga bo‘lgan xalqaro ishonchning muhim belgisi sifatida baholagan.

BMTning jinoyatchilikning oldini olish va jinoyat odil sudloviga bag‘ishlangan kongresslari har besh yilda bir marta o‘tkaziladi va ushbu sohadagi eng yirik xalqaro platformalardan biridir.

«Oldinda besh yillik tayyorgarlik davri turibdi. 2031-yilda esa respublikamiz butun dunyodan delegatlarni qabul qiladi», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing