O‘zbekiston biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha uchta xalqaro tashabbusni ilgari surdi

O'zbekiston

O‘zbekiston Yerevanda bo‘lib o‘tgan Leaders for Nature sammitida biologik xilma-xillikni saqlash va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha uchta xalqaro tashabbusni ilgari surdi. BMTning Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 17-yig‘ini (CBD COP17) doirasida o‘tkazilgan tadbirda mamlakat delegatsiyasiga Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov rahbarlik qildi.

O‘zbekiston biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha uchta xalqaro tashabbusni ilgari surdi
Sammit ishtirokchilari Kunmin–Monreal global biologik xilma-xillik dasturini amalga oshirish, uning ijrosi bo‘yicha ilk global sharhni tayyorlash, moliyalashtirishni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Dasturning asosiy maqsadlaridan biri — 2030-yilgacha quruqlik, ichki suvlar, qirg‘oqbo‘yi va dengiz hududlarining kamida 30 foizini samarali muhofaza qilish va boshqarishni ta’minlash.

Abduhakimov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar natijalarini taqdim etdi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ulushi 2016-yildagi 4 foizdan qariyb 15 foizga yetdi. «Bio Meros» dasturi doirasida bu ko‘rsatkichni 2030-yilgacha 20 foizga, 2035-yilgacha esa 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Boshqa chora-tadbirlar qatorida Ekopolitsiyani tashkil etish, davlat ekologik nazoratini kuchaytirish va tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzganlik uchun jarimalarni 40 foizga oshirish ham bor.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yilda biologik xilma-xillikni saqlash xarajatlari uch baravardan ko‘proq oshib, 1 milliard dollarga yetdi. Ustuvor yo‘nalishlar — degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash, raqamli monitoring, noyob turlarni muhofaza qilish va transchegaraviy tabiiy hududlarni asrash.

Birinchi tashabbus qurg‘oqchil hududlar ekotizimlari bo‘yicha Xalqaro xab yaratishni nazarda tutadi. U ilmiy tadqiqotlar, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va cho‘l hududlari, jumladan, Orolbo‘yi bioxilma-xilligini saqlashga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus Green University negizida tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo va Kavkaz sun’iy intellekt maktabini tashkil etish hamda AI-Ranger dasturini ishga tushirishni ko‘zda tutadi. Loyiha brakonyerlik, noqonuniy daraxt kesish va tabiiy yong‘inlarni aniqlash uchun sun’iy intellekt, sun’iy yo‘ldosh monitoringi va uchuvchisiz texnologiyalardan foydalanadigan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Uchinchi tashabbus 2030-yilgacha beshta ustuvor landshaftni qamrab oluvchi Markaziy Osiyo transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tarmog‘ini yaratishni taklif etadi. Tarmoq ekotizimlarni tiklashni muvofiqlashtirish, migratsiya yo‘laklarini saqlash va sayg‘oq hamda qor barsi kabi noyob turlarni himoya qilishga yordam beradi.

Tashabbuslar mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro moliyalashtirish va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing