O‘zbekiston Expo 2025 Yaponiyada
O'zbekiston
O‘zbekiston Yaponiyaning Osaka shahrida bo‘lib o‘tadigan Expo 2025 xalqaro ko‘rgazmasida o‘zining “Bilimlar bog‘i: Kelajak jamiyati uchun laboratoriya” nomli pavilyoni bilan ishtirok etadi. Ushbu pavilyon O‘zbekistonning qadimiy hunarmandchilik an’analari va barqaror kelajakka intilishini birlashtiradi.
Pavilyonda ta’lim, madaniyat, innovatsiyalar va toza energiya sohasidagi yutuqlar ko‘rgazmaga qo‘yiladi. Tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘li, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shamol elektr stansiyalari va barqaror transport haqida ma’lumot oladilar.
Shuningdek, Orolbo‘yi hududini tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, yosh ijodkorlar va ustalar o‘rtasidagi hamkorlikni targ‘ib qiluvchi “Homo Faber” loyihasi haqida ham tanishish mumkin.
Pavilyonning arxitekturasi qadimiy karvonsaroylarni eslatadi. U zamonaviy va ochiq makon sifatida qurilgan bo‘lib, mehmonlarga ilk qadamdan boshlab O‘zbekistonning madaniyati va innovatsiyalari bilan tanishish imkonini beradi.
Ko‘rgazmaning asosiy qismi 360 darajali multimedia sayohatidan iborat. Bu qisqa, ammo ta’sirli tajriba mehmonlarni O‘zbekistonning rivojlanish yo‘liga olib kiradi. Pavilyon tomidagi yog‘och ustunlar esa Xivadagi Juma masjidining arxitekturasi bilan uyg‘unlashtirilgan.
Ichki dizayn ham o‘zbek va yapon san’atkorlari hamkorligida yaratilgan. Keramika ustasi Abdulvohid Buxoriy Karimov tomonidan 11 mingdan ortiq nafis g‘ishtlar yasalgan. Dizayner Nada Debs va boshqa ustalar ham bu loyihaga o‘z hissasini qo‘shgan.
13 aprel kuni ochilishi rejalashtirilgan pavilyon olti oy davomida tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi. Bu yerda turli madaniy tadbirlar, konsertlar, san’at va barqarorlik mavzularida sessiyalar bo‘lib o‘tadi. Sentabrda esa O‘zbekistonning Milliy kuni nishonlanadi.
Pavilyon O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasiga binoan, nufuzli ATELIER BRUCKNER byurosi tomonidan loyihalashtirilgan.
Powered by Froala Editor