O‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini kengaytiradi va 50 ming gektarda jut yetishtiradi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Hindiston bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik go‘sht yetkazib berish, urug‘chilik va yangi ekinlarni yetishtirishni qamrab oladi, jut ekiladigan maydonlarni esa 50 ming gektargacha kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining tashrifi chog‘ida bergan intervyusida ma’lum qildi.

O‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini kengaytiradi va 50 ming gektarda jut yetishtiradi
Hindiston kompaniyalari O‘zbekistonda urug‘chilik loyihalarida ishtirok etmoqda. Xorazmda sho‘rga chidamli g‘o‘za navlari 12 ming gektarda sinovdan o‘tkazilmoqda, sabzavot va yem-xashak ekinlarining yangi urug‘lari ham olib kelinmoqda.

Go‘sht yo‘nalishida O‘zbekiston Hindistondan importni oshirish va Allana Group bilan qo‘shma loyihalarni rivojlantirishdan manfaatdor. Mahsulotni Hindistonda tayyorlash jarayonida O‘zbekiston mutaxassislari, jumladan so‘yish va halol talablarga muvofiqlik nazoratida ishtirok etadi. Yetkazib berish logistikasini Turkiya hamkorlari orqali Mersin porti ishtirokida rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 359,5 million dollarlik 72 ming tonna mol go‘shti import qilgan. Hindiston 33,9 ming tonna bilan eng yirik yetkazib beruvchi bo‘lgan.

Yangi yo‘nalishlardan biri jut yetishtirish bo‘ladi. Hozirda u qariyb 2 ming gektarda yetishtirilmoqda, kelgusi yillarda maydonni kamida 50 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yiliga qariyb 30 million dollarlik tabiiy tolalarni import qiladi.

Bundan tashqari, Hindistonning ertapishar zira navlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Joriy yilda 10 tonnadan ortiq urug‘ olib kelinib, g‘o‘za qator oralari orasida yetishtirish boshlandi. Loyihada Nath Bio-Genes kompaniyasi ishtirok etmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing