O‘zbekiston IAC-2026 doirasida xalqaro kosmik hamkorlikni kengaytirmoqda

Texnologiya

O‘zbekiston Antaliyada bo‘lib o‘tayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressida (IAC-2026) milliy stend bilan ishtirok etmoqda. Uzcosmos delegatsiyasi NASA, xalqaro kosmik agentliklar va texnologik kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi.

O‘zbekiston IAC-2026 doirasida xalqaro kosmik hamkorlikni kengaytirmoqda
Milliy stend konsepsiyasi mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va kosmik sohadagi zamonaviy salohiyatini birlashtiradi. O‘zbek milliy naqshlari va markazdagi moviy gumbaz Samarqand me’morchiligini aks ettiradi. Stendda 2028-yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan IAC-2028 kongressiga ham alohida o‘rin berilgan.

Kongress doirasida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Uzcosmos direktori Shuhrat Qodirov NASA ma’murining o‘rinbosari Matt Anderson bilan uchrashdi. Tomonlar kosmik sohadagi ustuvor yo‘nalishlar, istiqbolli qo‘shma loyihalar va hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uzcosmos va STAR.VISION “Samarkand 2028” giperspektral sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosidagi yechimlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi memorandumni imzoladi. Hamkorlik doirasida bunday ma’lumotlardan foydalanish, ilmiy-tadqiqot ishlari, yangi texnologiyalarni sinash va ularni tijoratlashtirish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Delegatsiya Amerika Aeronavtika va Astronavtika instituti (AIAA) bosh direktori Kley Mouri bilan ham uchrashdi. Muzokaralarda 2028-yilda Samarqandda o‘tkaziladigan kongressga tayyorgarlik, tadbirni yuqori darajada tashkil etish va xalqaro tajribadan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Vast, Aselsan, Nebex, Azercosmos, SUPARCO, Ispaniya kosmik agentligi, Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti, Axiom Space, Planet va Hex20 vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar texnologiyalar transferi, sun’iy yo‘ldosh loyihalari, ilmiy va ta’lim tashabbuslari hamda kadrlar tayyorlashni muhokama qildi.

O‘zbekiston turkiy davlatlar o‘rtasidagi kosmik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvga ham qo‘shildi. Uzcosmos rahbari Global Space Leaders Summit doirasida mamlakatning kosmik tashabbuslarini taqdim etdi.

IAC-2026 doirasidagi uchrashuvlar xalqaro aloqalarni kengaytirish va Samarqandda 2028-yilda o‘tkaziladigan kongressga tayyorgarlik ko‘rishga xizmat qilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing