Oʻzbekiston Investitsiyalar vazirligi Jahon oziq-ovqat dasturida ishtirok etishga taklif qilmoqda

O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchil korxonalarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturida (WFP) ishtirok etishga taklif qilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston Investitsiyalar vazirligi Jahon oziq-ovqat dasturida ishtirok etishga taklif qilmoqda
Ta’kidlanishicha, dasturining asosiy maqsadi oziq-ovqat ta'minoti orqali muhtoj mamlakatlarga gumanitar yordam ko'rsatish hisoblanadi.

Ushbu dasturda ishtirok etishning afzalliklari orasida mahsulotlarni tizimli ravishda katta hajmda sotib olish, kafolatlangan to'lov va nufuzli global dasturda ishtirok etish kiradi.

Korxonalar yetkazib berilayotgan mahsulotlarning sifati va xavfsizligini kafolatlashlari shart. Dastur tomonidan sotib olingan barcha tovarlar sifati, miqdori, xavfsizligi va qadoqlash xususiyatlari uchun tekshiriladi. Tekshiruvlar natijasida tovar shartnoma talablariga javob bermasligi aniqlansa, xarid shartnomasi bekor qilinadi.

Vazirlik Jahon oziq-ovqat dasturi tomonidan xarid qilinadigan mahsulotlar ro’yxatiga quyidagilarni kiritgan: bug‘doy, bug‘doy uni, no‘xat, sorgo, loviya aralashmasi, oq loviya, konservalangan oq loviya, konservalangan qizil loviya, konservalangan no‘xat, konservalangan no‘xat va sabzi, tomat pastasi, pechenye va biskvitlar, kungaboqar yog‘i, meva sharbati, holva, yodlangan tuz, makaron, sterillangan sut, konservalangan mol go‘shti, qadoqlangan tovuq go‘shti.

Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) dunyodagi eng yirik gumanitar yordam tashkiloti bo'lib, 80 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifasi qashshoqlikka qarshi kurashish va turli mojarolar va tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan tinch aholini zarur oziq-ovqat bilan ta’minlashdan iborat.

Tafsilotlar bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Telegram’dagi rasmiy kanalida tanishishingiz mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing