O‘zbekiston iqlim xavflariga qarshi himoyani kuchaytiradi

O'zbekiston

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida aholini xavfli ob-havo va gidrometeorologik hodisalar haqida to‘liq erta ogohlantirish tizimi bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston iqlim xavflariga qarshi himoyani kuchaytiradi
“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Jumladan, xavfli gidrometeorologik hodisalar bo‘yicha erta ogohlantirish tizimini 100 foiz darajaga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri — qurg‘oqchilik, cho‘llanish, chang-qum bo‘ronlari va harorat oshishi bilan bog‘liq iqlim xavflarini yumshatishdir. Buning uchun gidrometeorologik monitoring va prognozlash sifati oshiriladi, qishloq xo‘jaligi uchun agrometeorologik ma’lumotlar takomillashtiriladi.

Loyihada tog‘ daryolari oqimi prognozlarining ishonchliligini 98 foizga, qishloq xo‘jaligi hosildorligi bo‘yicha prognozlarni esa 96 foizga yetkazish belgilangan. Shuningdek, 600 ming gektar maydonda himoya o‘rmonzorlarini barpo etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, foydali qazilmalar qazib olish natijasida buzilgan 6 ming gektardan ortiq yerlar rekultivatsiya qilinadi. Iqlim sharoitiga mos, qurg‘oqchilik va issiqqa chidamli ekin, meva va uzum navlarini yaratish orqali hosildorlikni 30–35 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Strategiya amalga oshirilishi tabiiy ofatlar xavfini oldindan baholash imkoniyatlarini kengaytirib, suv resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirishga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing