O‘zbekiston kapital harakatini erkinlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlamoqda

Iqtisodiyot

O‘zbekiston valyuta bozori va pul-kredit tizimidagi islohotlarni davom ettirar ekan, kapital harakati hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni yanada kengroq erkinlashtirishga tayyorlanmoqda. Markaziy bank keyingi o‘zgarishlar bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqdi va hujjat hozir idoralararo kelishuvdan o‘tmoqda.

O‘zbekiston kapital harakatini erkinlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlamoqda
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bu rejalar haqida Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiyotni keng ko‘lamda liberallashtirish jarayoni qariyb o‘n yil avval boshlangan. Muhim yo‘nalishlardan biri valyuta bozorini isloh qilish bo‘lib, joriy hisobvaraq operatsiyalaridagi cheklovlar bekor qilindi va valyutaning erkin konvertatsiyasi ta’minlandi.

Kapital harakati hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar esa hozircha nisbatan konservativ tartibga solinmoqda. Markaziy bank rahbarining aytishicha, islohotlarning navbatdagi bosqichi ushbu yo‘nalishni yanada kengroq erkinlashtirish bo‘ladi.

Biroq hukumat jarayonni bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bunda moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan xavflar hisobga olinadi.

Markaziy bank bu borada Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan maslahatlashmoqda. Yo‘l xaritasi idoralararo kelishuvdan o‘tgach, investorlar hukumatning keyingi qadamlarini yaxshiroq tushunishi uchun e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Ishmetovning ta’kidlashicha, kapital harakati hisobvarag‘ini yanada ochishdan avval institutlarni mustahkamlash, himoya mexanizmlarini yaratish va risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish zarur.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yetarli mexanizmlarsiz amalga oshirilgan erkinlashtirish moliyaviy bozordagi tebranishlar, qo‘shimcha xavflar va valyuta kursiga bosimni kuchaytirishi mumkin.

O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida valyuta rejimi va pul-kredit siyosatini ham takomillashtirmoqda. Ishmetovning aytishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bu yil mamlakatning valyuta rejimini erkin suzuvchi rejim sifatida qayta tasnifladi.

Markaziy bank kelgusi yilda inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirishni kutmoqda. Hozirda inflyatsiya 6,5 foizni tashkil etadi.

Mamlakat, shuningdek, milliy valyutadagi moliyaviy bozorni rivojlantirish va tashqi moliyalashtirish bilan bog‘liq valyuta risklarini kamaytirish maqsadida so‘mdagi qarz mablag‘lari ulushini oshirmoqda.

Ishmetov O‘zbekiston erkin suzuvchi valyuta kursiga sodiq qolishini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat valyuta kursini ma’muriy boshqarish bo‘yicha salbiy tajribaga ega va bunday amaliyotga qaytmoqchi emas.

Investitsiya siyosatida esa O‘zbekiston kapital manbalarini diversifikatsiya qilishga e’tibor qaratmoqda. Mamlakat Xitoy, Yevropa, AQSh va boshqa hamkorlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni davom ettirmoqda.

Markaziy bank rahbari uzoq muddatli to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va Markaziy Osiyoni xalqaro investorlar uchun yanada ochiq hamda integratsiyalashgan bozor sifatida rivojlantirish muhimligini ham qayd etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing