O‘zbekiston Oliy Majlisi Spikeri Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi bilan uchrashdi

Dunyo

22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Spikeri Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi bilan uchrashdi
Uchrashuvda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal tus olgani, faol siyosiy muloqot olib borilayotgani, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, “O‘zbekiston-Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhi faoliyati va uning doirasida amalga oshirilayotgan qator ijobiy ishlar e’tirof etilib, uning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, maslahatlashuv uchrashuvlarni doimiy ravishda o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakat parlamentlari qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldilar.

O‘z navbatida, Numan Kurtulmush keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini e’tirof etib, parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani diqqatga sazovor. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda ilm-fan, san’at, madaniyat kabi sohalarda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”, — dedi Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing