Oʻzbekiston Prezidenti va AQSh Davlat kotibi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildilar

Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSh Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi.

Oʻzbekiston Prezidenti va AQSh Davlat kotibi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildilar
Uchrashuv avvalida Marko Rubio davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Asosiy eʼtibor Oʻzbekiston – AQSh strategik sherikligini yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalariga qaratildi.

AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari muloqotni mustahkamlash hamda koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishdan oʻzaro manfaatdor ekanini tasdiqlagan “C5+1” formatidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvining yakunlari yuqori baholandi.

Siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiya va texnologiyalar, taʼlim va madaniyat kabi ustuvor yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ikki mamlakat parlamentlari va idoralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va konstruktiv muloqot yoʻlga qoʻyilgan, ishbilarmon doiralar hamda akademik hamjamiyatning aloqalari kengaymoqda.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, avvalo, terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish kabi yoʻnalishlarda mustahkamlanmoqda.

Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti yoʻlga qoʻyilgani ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi. Uning birinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha bir qator hujjatlar, jumladan, koinotni tinch maqsadlarda oʻzlashtirish sohasidagi “Artemida” bitimlari imzolandi.

Iqtisodiy hamkorlik strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri boʻlib qolmoqda. Yil boshidan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xoʻjaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining oʻrni katta ekani taʼkidlandi. Kengashning bugungi yigʻilishi doirasida 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga erishildi.

Gumanitar sohadagi hamkorlik ham izchil kengayib bormoqda. Toshkentda Webster universiteti, Amerika texnologiyalar universiteti va Kolorado konchilik maktabining kompetensiyalar markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan amerikalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.

Tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirishning yangi istiqbollarini ham belgilab oldilar. Strategik ahamiyatga ega muhim minerallar, energetika, transport, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud.

Hududlararo aloqalarni rivojlantirish va ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Ikki mamlakat yetakchilari ishtirokida boʻlib oʻtadigan boʻlajak tadbirlar rejasi va ularni mazmunan boyitish masalalari koʻrib chiqildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing