O‘zbekiston Prezidenti va AQSH top-menejerlari ko‘p milliardli loyihalarni muhokama qildilar

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda yetakchi amerikalik kompaniyalar, investitsiya fondlari va moliya institutlari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti va AQSH top-menejerlari ko‘p milliardli loyihalarni muhokama qildilar
Tadbirda Franklin Templeton, Citigroup, BNY Mellon, NASDAQ, Boeing, Mastercard, Visa, General Motors, Nvidia, Oppenheimer, Air Products, Cleveland Clinic, Cargill kabi yirik kompaniyalar vakillari hamda O‘zbekistonning yirik korxonalari qatnashdi.

Davlat rahbari yaqinda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda uzoq muddatli loyiha portfelini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi. Shu bois bu muloqot alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston–AQSh savdo hajmi 4 barobarga oshdi, 300 dan ortiq amerikalik kompaniyalar mamlakatimizga sarmoya kiritdi. Franklin Templeton bilan hamkorlikda Milliy investitsiya fondi tashkil etildi.

Ustuvor yo‘nalishlar sifatida kritik minerallarni qayta ishlash, yetkazib berish zanjirlarini barqaror qilish, IT va sun’iy intellektni joriy etish, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi hamda ilg‘or texnologiyalar ko‘rsatildi.

Amerikalik tadbirkorlar Prezident Mirziyoyevga islohotlar va qulay investitsiya muhiti uchun minnatdorlik bildirib, yangi yirik loyihalarda faol ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing