O‘zbekiston U18 terma jamoasi — uch karra Osiyo kubogi sohibi

Sport

Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi sport tarixini qayta yozishda davom etmoqda. Bishkekdagi turnirda hamyurtlarimiz mutlaq ustunlik ko‘rsatib, ketma-ket uchinchi bor Osiyo kubogini qo‘lga kiritishdi. Biror marta mag‘lubiyatga uchramay zafar quchgan «muz lochinlari» O‘zbekiston mintaqadagi asosiy xokkey davlati maqomini uzil-kesil mustahkamlaganini yana bir bor isbotladi.

O‘zbekiston U18 terma jamoasi — uch karra Osiyo kubogi sohibi
2026-yilning 27-aprelidan 3-mayiga qadar Bishkek shahri o‘zbek xokkeyining g‘alaba maydoniga aylandi. O‘zbekiston U18 terma jamoasi beshta o‘yinda beshta g‘alaba qozonib, qit’aning eng kuchli jamoasi unvonini ishonchli tarzda himoya qildi. Ayniqsa, Hindiston (15:1) va Indoneziya (13:0) terma jamoalari ustidan qozonilgan yirik g‘alabalar muxlislarni hayratda qoldirdi. Mezbonlar — Qirg‘iziston termasiga qarshi kechgan final bahsida esa xokkeychilarimiz haqiqiy iroda ko‘rsatib, 3:2 hisobida g‘alabani ilib ketishdi.

Ushbu muvaffaqiyat 2023-yil Mo‘g‘ulistonda boshlangan va 2024-yil Toshkentda davom ettirilgan «oltin seriya»ning mantiqiy davomi bo‘ldi. Osiyo va Okeaniya kubogidagi ketma-ket uchinchi chempionlik O‘zbekiston xokkey federatsiyasi shafeligida ushbu sport turining tizimli rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Joriy yil yoshlar terma jamoasi uchun haqiqiy zafarli yil bo‘ldi: atigi ikki oy avval, 2026-yil mart oyida jamoa o‘z divizionida jahon chempionati oltin medallarini ham qo‘lga kiritgan edi. Xalqaro va mintaqaviy maydonlardagi bunday yuqori natijalar respublikada yaratilgan xokkey maktabi va kadrlar tayyorlash tizimi prinsipial jihatdan yangi, jahon darajasiga chiqqanini ko‘rsatadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing