O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida hamkorlikni kengaytiradi

Siyosat

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zbekistonlik ziyoratchilarning muqaddas Makka va Madina shaharlarini ziyorat qilishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish uchrashuvdagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida hamkorlikni kengaytiradi
Suhbat avvalida mehmon Prezidentga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va Saudiya Arabistoni Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad Ol Saudning samimiy tilaklarini yetkazdi. O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga hurmat belgisi sifatida alohida sovg‘a - muqaddas Ka’ba yopinchig‘ining bir qismi taqdim etildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu ramziy sovg‘a uchun, shuningdek, ziyoratchi o‘zbekistonliklarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Saudiya Arabistoni rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. 2024-yilda 800 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Umra ziyoratini, 15 ming nafari Haj amalini ado etdi.

Tomonlar ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sharoitlari va sifatini yaxshilash, jumladan, xavfsizlik, transport logistikasi va tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuvda bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing