O‘zbekiston va Serbiya savdo va investitsiyaviy aloqalarni mustahlamoqda: 9 yillik asosiy ko‘rsatkichlar

Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2016–2025 yillarda qariyb to‘qqiz barobarga oshib, $1,4 mln dan $12 mln ga yetdi. Shu davrda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalari, shartnomaviy baza, investitsiyaviy va sanoat hamkorligi kengaydi.

O‘zbekiston va Serbiya savdo va investitsiyaviy aloqalarni mustahlamoqda: 9 yillik asosiy ko‘rsatkichlar
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Serbiyaga eksporti ushbu davrda uch barobar o‘sib, $0,9 mln ni tashkil etdi. Import esa qariyb o‘n barobar oshib, $11,1 mln ga yetdi.

2025 yilda O‘zbekistonning Serbiyaga eksporti tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari 47,1%, sanoat tovarlari 23,8%, kimyo mahsulotlari 4,8%, nooziq-ovqat xomashyosi 2,4%, mineral yoqilg‘i va moylash materiallari 1% ulushni egalladi. Xizmatlar ulushi 20,8% bo‘lgan.

Serbiyadan importda mashinalar va transport uskunalari 50% bilan asosiy ulushni tashkil etdi. Kimyo mahsulotlari 20,1%, sanoat tovarlari 16,8%, oziq-ovqat mahsulotlari 4,8%, turli tayyor mahsulotlar 4,2%, nooziq-ovqat xomashyosi 1,5% ulushga ega bo‘ldi. Xizmatlar ulushi 2,6% ni tashkil etdi.

So‘nggi yillarda ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalari faollashdi. 2023 yil aprel oyida Serbiya Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ivitsa Dachich O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi. 2025 yil 28–31 oktyabr kunlari Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi muhim bosqich bo‘ldi.

Toshkentdagi muzokaralar yakunida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi hamda iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. 2026 yil may oyida Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Dyurich O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Muzokaralarda savdoni kengaytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi kooperatsiyani rivojlantirishga e’tibor qaratildi.

2026 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi to‘qqizta korxona faoliyat yuritgan. 2016–2025 yillarda Serbiyadan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi $2,2 mln ni tashkil etdi. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich $0,2 mln bo‘lgan.

Yangi shartnomaviy baza savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasini, jumladan, elektrotexnika, mashinasozlik, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoatida rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoit yaratmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing