O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi

Siyosat

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi
Keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat va katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

«Bugun imzolanayotgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda – parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirish lozim», — dedi davlatimiz rahbari.

Tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadida chegaraoldi savdo mexanizmlari va savdo infratuzilmasini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Prezidentlar bu borada o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda havo va temir yo‘llari orqali tashishlarni rivojlantirish, tranzit yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishni qo‘llab-quvvatladilar.

Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faol qo‘llab-quvvatlashga ahdlashib oldilar.

Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqin aloqalarni davom ettirish, Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Yig‘ilish davomida Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi vazirlarining kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash hamda erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing