Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari samarali muzokaralar natijalarini sarhisob qildilar

O'zbekiston

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Koʻksaroy qarorgohida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi yakunlari yuzasidan fikrlari bilan boʻlishdilar.

Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari samarali muzokaralar natijalarini sarhisob qildilar
Mamlakatimiz yetakchisi Oʻzbekiston birodar Tojikistonning barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, investitsiyalarni jalb qilish, inflyatsiyani jilovlash va aholining real daromadlarini oshirish borasida erishayotgan yuksak natijalaridan chin dildan mamnun ekanini taʼkidladi.

Tojikiston Oʻzbekiston uchun ishonchli strategik sherik va ittifoqchidir. Mamlakatlarimiz maqsadlari, qarash va intilishlari mushtarak ekani, ikki tomonlama munosabatlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda jadal rivojlanayotgani taʼkidlandi.

Parlamentlar va hukumatlar, hududlar rahbarlari va ziyolilar darajasida muntazam uchrashuvlar oʻtkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻtgan yili ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarga yetdi. Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. Hozirda mamlakatimizda 500 dan ortiq qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda.

Transport sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Poytaxtlar oʻrtasida haftasiga oʻnta aviareys amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti bugungi sammitga jiddiy tayyorgarlik koʻrilganini maʼlum qildi.

Hukumatlararo komissiya yigʻilishlari, hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar, tahlil markazlarining forumlari, Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari, boshqa bir qator muhim tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Bugun boʻlib oʻtgan samarali muzokaralar hamda Davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi davomida masalalarning keng doirasi muhokama qilindi, koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va maqsadlari belgilab olindi.

Barcha darajalarda faol aloqalarni davom ettirish, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, Maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida muloqotni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi. Ikki mamlakat hukumatlariga alohida dastur asosida tovar ayirboshlashni ikki milliard dollarga yetkazish boʻyicha amaliy choralar koʻrish topshirildi.

Shu maqsadda “Oybek – Fotihobod” savdo zonasini tashkil etish tezlashtiriladi, energetika, geologiya, metallurgiya, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda ikki milliard dollarlik tashabbuslarni oʻz ichiga olgan Kooperatsiya dasturi amalga oshiriladi.

Tomonlar ushbu loyihalarni ilgari surish uchun Qoʻshma investitsiya kompaniyasining salohiyatidan faol foydalanishga kelishib oldilar.

Transport va tranzit sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Yuk tashishda elektron ruxsatnoma berish tizimini joriy etish toʻgʻrisida bitim imzolandi, shuningdek, havo va temir yoʻl transporti qatnovlarini kengaytirish hamda chegara oʻtkazish punktlarining quvvatini oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Ushbu oʻzaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarning asosiy maqsadi – biznes va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish drayveri sifatida hududlar salohiyatini ishga solish.

Suv va energetika sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakat aloqalarining muhim yoʻnalishi hisoblanadi.

“Yashil” energetika sohasida yirik loyihalarni birgalikda ilgari surish hamda suv taqsimoti, suv inshootlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish masalalarini muvofiqlashtirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik koʻprigi boʻlib qolmoqda. Hamkorlik doirasida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy doʻstligi haqida film tayyorlandi, Yangi Toshkentdagi koʻchalardan biriga esa Dushanbe shahri nomi berildi.

Yillik taqvim asosida taʼlim, turizm va yoshlar yoʻnalishlarida faol almashinuvlarni davom ettirish niyati bildirildi.

Ikki mamlakatdagi yirik o‘zbek va tojik diasporalarini qo‘llab-quvvatlash, madaniy markazlarni keng rivojlantirish, ona tili, an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash maqsadida Madaniy-gumanitar sohada hamkorlik bo‘yicha kompleks dastur tayyorlanadi.

Yakunda ushbu tarixiy tashrif natijalari ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlab, birodar mamlakatlarimiz barqaror rivojlanishi va ravnaqiga har tomonlama xizmat qilishi qayd etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing