O‘zbekiston va Vengriya atom energetikasi uchun quruq sovitish loyihasini ilgari surmoqda

Texnologiya

O‘zbekiston atom elektr stansiyasi uchun quruq sovitish tizimlarini joriy etish bo‘yicha shartnoma muzokaralari yakuniy bosqichga kirmoqda. Shu bilan birga, tomonlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish va uskunalar ishlab chiqarishni mamlakat hududida yo‘lga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston va Vengriya atom energetikasi uchun quruq sovitish loyihasini ilgari surmoqda
«O‘zatom» agentligida Vengriyaning davlat kompaniyasi MVM EGI Zrt. delegatsiyasi bilan atom elektr stansiyasi maydonida quruq sovitish tizimlarini joriy etish loyihasiga bag‘ishlangan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda quruq sovitish texnologiyasidan foydalangan holda obyektni keyingi loyihalashtirish, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini sezilarli oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Komplektlovchi qismlarni bevosita O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar loyiha bo‘yicha shartnoma muzokaralari yakuniy bosqichga o‘tganini qayd etib, zarur tartib-taomillar tugagach, amaliy bosqichga o‘tishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Qayd etilishicha, quruq sovitish tizimlari mamlakatning suv resurslarini asrash konsepsiyasiga mos keladi hamda O‘zbekistonning iqlim va ekologik sharoitlariga mos zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutadi.

MVM EGI Zrt. bosh direktori Peter Karpati kompaniya «O‘zatom» bilan ochiq va konstruktiv muloqotni yuqori baholashi hamda O‘zbekiston atom energetikasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.

Vengriya delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda. Ikki kunlik dastur doirasida quruq sovitish tizimlarining texnik parametrlari va muhandislik yechimlari yuzasidan qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkaziladi. Hamkorlik avval imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumi asosida amalga oshirilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing