O‘zbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi

Biznes

18-iyun kuni Samarqand shahrida Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Turizm qo‘mitasining matbuot xizmati.

O‘zbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur forum O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targ‘ib qilish va O‘zbekiston-Xitoy turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Biznes-forumda 200 ga yaqin O‘zbekiston va Xitoyning turizm sektori vakillari, jumladan, 16-iyun kuni Sian shahridan Samarqandga “LoongAir” aviakompaniyasining birinchi muntazam parvozi orqali uchib kelgan soha vakillari ham ishtirok etishdi.

«Joriy yilning sentabr oyidan “Xitoyda O‘zbekiston turizm yili”ga start beramiz. Bir yil davomida Xitoylik sayyohlarni O‘zbekiston turizmi, boy madaniyati, merosi, qadriyatlari bilan yaqindan tanishtiramiz. Umuman olganda Xitoydan sayyohlarni bosqichma-bosqich 1 millionga chiqarishni pirovard maqsad qilib olganmiz», — deb ta’kidladi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev.

O‘zbekiston va Xitoy tomonlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rgandilar.

O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi ikki davlat vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur tadbir O‘zbekiston turizm industriyasining yuksalishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 16-iyun kuni Samarqand xalqaro aeroportida Loong Air aviakompaniyasining Sian shahridan birinchi muntazam parvozi kutib olindi.

Sian – Samarqand – Sian yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi Xitoy va O‘zbekistonning eng muhim tarixiy va madaniy markazlarining turizm salohiyatini kengaytirishga va sayyohlar oqimini oshirishga, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga yordam beradi.

Loong Air aviakompaniyasida 74 ta bort mavjud bo‘lib, Xitoyning 25 ta shahriga hamda Bangladesh, Kombodja, Gonkong, Indoneziya, Malayziya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Filipin, Janubiy Koreya, Tayland, Vetnam va O‘zbekistonga parvoz qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing