O‘zbekiston vakillari Parijda Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etdi

Dunyo

O‘zbekiston vakillari 9–10 sentyabr kunlari Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan Parijdagi “Grand Palais” majmuasida o‘tkazilgan birinchi Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etdi. Tadbirda 90 ta davlat va xalqaro tashkilot vakillari, qariyb 60 nafar yuqori martabali davlat arbobi, mingdan ortiq kosmik kompaniya hamda 14 davlatdan 19 nafar taniqli astronavt qatnashdi.

O‘zbekiston vakillari Parijda Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etdi
Sammitda O‘zbekiston nomidan Prezident Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt departamenti rahbari Bobur Xodjayev, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligi vakillari ishtirok etdi. Delegatsiya qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazib, ilg‘or tajriba almashish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlash va kosmik sohadagi istiqbolli loyihalarni muhokama qildi.

Sammit dasturida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen va boshqa yuqori martabali ishtirokchilar nutq so‘zladi. Kosmik sohani rivojlantirish, xavfsizlik va kelajak infratuzilmasiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, shuningdek, global kosmik iqtisodiyot, xavfsizlik va hamkorlik, fan va tadqiqotlar bo‘yicha panel muhokamalari o‘tkazildi.

Afrika davlatlari yetakchilarining kosmosga oid qarashlariga bag‘ishlangan alohida sessiya ham tashkil etildi. Shuningdek, fransiyalik astronavt Sofi Adeno ishtirokida Xalqaro kosmik stansiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa seansi va Yevropa kosmik agentligi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Sammitda Toma Peske, Samanta Kristoforetti, Luka Parmitano, Aleksandr Gerst, Mattias Maurer, Sulton Al-Neyadi va Alper Gezeravji kabi taniqli astronavtlar ham qatnashdi. Tadbir kosmik sohada tajriba almashish va yangi xalqaro aloqalarni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing