O‘zbekiston Xitoy bilan aloqalarni parlamentlararo va akademik muloqot orqali mustahkamlamoqda

O'zbekiston

O‘zbekiston delegatsiyasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligida 24–26 avgust kunlari Pekinda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Tashrif doirasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Xitoy bilan aloqalarni parlamentlararo va akademik muloqot orqali mustahkamlamoqda
“Umumiy kelajak, Osiyoning yangi sahifasi: Osiyo mamlakatlarining yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish” mavzusidagi konferensiyada turli mamlakatlarning siyosiy va jamoat arboblari, Xitoy vazirlik va idoralari rahbarlari hamda diplomatik korpus vakillaridan iborat 200 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Sodiq Safoyev O‘zbekistonda Yangi O‘zbekistonni barpo etish doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda Osiyoda shakllangan yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhitini yanada mustahkamlash, tinchlik va do‘stlikni rivojlantirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.

Tadbir ishtirokchilari Osiyo mamlakatlari o‘rtasida birdamlik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni kuchaytirish, umumiy taraqqiyot va farovonlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladilar.

Konferensiya doirasida Xitoy tomonining vakillari bilan qator uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Xitoy Butunxitoy xalq vakillari yig‘ini Doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Van Dunmin bilan uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Butunxitoy xalq vakillari yig‘ini delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yuqori darajaga ko‘tarilgani qayd etildi. Van Dunmin bu jarayonda ikki davlat rahbarlarining muhim rolini ta’kidladi.

Akademik hamkorlik masalalari Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti Gao Syan, Pekin universiteti prezidenti Gao Song va Tsinghua universiteti prezidenti Li Lumin bilan uchrashuvlarda muhokama qilindi. Tomonlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Xitoyning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash yuzasidan fikr almashdilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing