O‘zbekistonda chegirmalar oldidan narxlarni oshirish taqiqlandi

O'zbekiston

O‘zbekistonda endilikda savdogarlarga chegirma oldidan narxni sun’iy oshirish taqiqlanadi. Yangi qoidalar bo‘yicha har bir aksiya oldidan mahsulotning so‘nggi 30 kun ichidagi eng past narxi ko‘rsatilishi shart.

O‘zbekistonda chegirmalar oldidan narxlarni oshirish taqiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi chegirmalar, rasprodajalar va boshqa savdo aksiyalarini tartibga soluvchi yangi talablarni tasdiqladi. Bu haqda 21-oktabrda Lex.uz portalida e’lon qilingan hukumat qarorida ma’lum qilindi.

Mazkur o‘zgartirishlar chakana savdo qoidalariga kiritilib, iste’molchilarni soxta chegirmalardan himoya qilishga qaratilgan.

Endilikda sotuvchilar aksiyalar shartlarini aniq va tushunarli shaklda e’lon qilishi kerak — ularning muddati, ishtirok etuvchi tovarlar ro‘yxati, hajmi va xarid shartlari bilan birga.

Aksiya davomida savdogarlar va’da qilingan chegirmalarni to‘liq ta’minlashi va narxlar bo‘yicha to‘g‘ri ma’lumot berishi lozim. Aksiya boshlanganidan keyin uning shartlarini o‘zgartirish qat’iyan man etiladi.

Chegirmalar uchun belgilangan narx so‘nggi 30 kun ichidagi eng past narxga teng bo‘lishi kerak (qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari).

Sotuvchi chegirma miqdorini foiz yoki summa ko‘rinishida aniq ko‘rsatishi, xaridor so‘rasa, eski narxlar bo‘yicha hujjatli tasdiq taqdim etishi shart.

Narxni avval oshirib, so‘ng “pasaytirish” orqali chegirma ko‘rsatish — iste’molchini chalg‘ituvchi harakat sifatida baholanadi.

Shuningdek, savdogarlar chegirmalarning amal qilish muddati va cheklangan hajm yoki mahsulot holati bilan bog‘liq bo‘lgan (masalan, muddat yaqinlashgan, qadoq shikastlangan) holatlarni oldindan xaridorga ma’lum qilishi kerak.

Raqobat qo‘mitasi bu tashabbusni 2025-yil yozida taqdim etgan bo‘lib, hujjat AQSh, Kanada, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya tajribasiga asoslanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing