O‘zbekistonda o‘tadigan Kikboksing bo‘yicha birinchi Jahon kubogi katta e'tiborda

Sport

Kikboksing bo‘yicha birinchi Jahon kubogi yaqinlashar ekan, VAKO prezidenti Roy Beyker O‘zbekiston bu musobaqaga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rganini ta’kidladi. 25-29 sentyabr kunlari Toshkentda o‘tadigan bu nufuzli tadbir jahon sporti sahnasida katta voqea sifatida qaralmoqda.

O‘zbekistonda o‘tadigan Kikboksing bo‘yicha birinchi Jahon kubogi katta e'tiborda
Matbuot anjumanida VAKO prezidenti Roy Beyker, ARISF prezidenti Rafayelle Kyulli va boshqa xalqaro sport mutaxassislari O‘zbekistondagi bu birinchi Jahon kubogining ahamiyati va o‘tkazilish jarayonlari haqida ma'lumot berishdi. Ushbu musobaqa nafaqat kikboksingning rivojiga katta turtki beradi, balki o‘zbek sportchilarining mahoratini butun dunyoga namoyish etishga yordam beradi.

Jahon kubogida 53 ta davlatdan 3000ga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Shundan 1600 nafari o‘zbekistonlik sportchilar bo‘lib, ular yurt sharafini himoya qilishadi. Bu musobaqa nafaqat O‘zbekiston sportiga, balki xalqaro sport hamjamiyatida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

135 nafar xalqaro darajadagi hakamlar musobaqaga baho beradi, ularning 70 nafari o‘zbekistonlikdir. Bu esa mamlakatning sport sohasida tajriba va malaka orttirayotganining isboti.

Mazkur Jahon kubogi kelajakda kikboksingni Olimpiya o‘yinlariga kiritish borasidagi muhim qadam sifatida ham qaralmoqda. Ushbu musobaqa yosh sportchilar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi aniq.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing