Kosovoning sobiq prezidenti Hashim Thaçi harbiy jinoyatlar uchun 25 yilga hukm qilindi

Dunyo

Kosovoning sobiq prezidenti Hashim Thaçi 1998–1999-yillardagi mojaro davrida sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun 25 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Hukm 16-sentabr kuni Gaagadagi Kosovo bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan sud tomonidan chiqarildi.

Kosovoning sobiq prezidenti Hashim Thaçi harbiy jinoyatlar uchun 25 yilga hukm qilindi
Sud Thaçini qotillik, noqonuniy hibsga olish, qiynoqlar va shafqatsiz muomala bilan bog‘liq bir qator jinoyatlarda aybdor deb topdi. Reuters xabariga ko‘ra, tribunal uni 96 kishining o‘ldirilishi bilan bog‘ladi. Ular orasida Kosovo ozodlik armiyasi (KLA)ning siyosiy raqiblari hamda Serbiya xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlik qilganlikda gumon qilingan shaxslar bo‘lgan. Thaçi sud jarayoni davomida ayblovlarni rad etdi.

Thaçi bilan birga KLAning yana uch sobiq rahbari — Kadri Veseli, Rexhep Selimi va Jakup Krasniqi ham sud qilindi. Ish mart 1998-yildan 1999-yil sentabrigacha Kosovoda, shuningdek, Albaniyaning shimolidagi Kukës va Cahan hududlarida yuz bergan voqealarni qamrab olgan. Ish materiallarida ta’qib, noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, shafqatsiz muomala, qiynoqlar, qotillik va majburiy yo‘qolishlar tilga olingan.

Sud jarayoni 2023-yil 3-aprelda boshlangan. Unda 134 nafar guvoh sudda ko‘rsatma bergan: 125 nafari prokuratura, ikki nafari jabrlanuvchilar vakillari va yetti nafari himoya tomonidan chaqirilgan. Dalillarni ko‘rib chiqish 2025-yil dekabrida yakunlangan, tomonlarning yakuniy nutqlari esa 2026-yil fevralida bo‘lib o‘tgan.

Prokuratura to‘rt ayblanuvchining har biriga 45 yildan qamoq jazosi berilishini so‘ragan. Biroq sud barcha ayblovlarni to‘liq tasdiqlamagan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Thaçi hukm ustidan apellyatsiya berishni rejalashtirmoqda.

Thaçi urush davrida KLA rahbarlaridan biri bo‘lgan, keyinchalik Kosovo bosh vaziri va prezidenti lavozimlarida ishlagan. 2020-yil noyabrida ayblov xulosasi tasdiqlangach, prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqib, Gaagaga yuborilgan.

Kosovoda sud jarayoni Thaçi va KLAning boshqa sobiq qo‘mondonlarini qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlarga sabab bo‘ldi. Ularni jamiyatning bir qismi mustaqillik uchun kurash qahramonlari deb biladi. Thaçiga nisbatan guvohlarga ta’sir o‘tkazish va odil sudlovga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq alohida ish ham ko‘rib chiqilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing