O‘zbekiston va Gruziya tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Gruziya o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldi. Bu masalalar 12-oktabr kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov uchrashuvida hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 11-yig‘ilishida muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Gruziya tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi
Irakliy Kobaxidze bilan uchrashuvda Laziz Qudratov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi hamda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Tomonlar savdo va investitsiyalarni kengaytirish, korxonalar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirish hamda o‘zaro mahsulot yetkazib berish shartlarini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Hukumatlararo komissiyaning 11-yig‘ilishi Tsinandalida bo‘lib o‘tdi. Unga O‘zbekiston tomonidan Laziz Qudratov, Gruziya tomonidan esa Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili hamraislik qildi. Muzokaralarda erkin savdo rejimidan samaraliroq foydalanish, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, energetika va moliya sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Transport-logistika hamkorligi va Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalish O‘zbekistonga Qora dengiz portlari va Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradi. Ustuvor loyihalardan biri Poti portida O‘zbekiston logistika markazini tashkil etishdir. Tegishli bitim imzolangan, O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropaga ilk sinov jo‘natmasi ham amalga oshirilgan.

Tomonlar sanoat kooperatsiyasi, aviaqatnovlarni kengaytirish, turizmni rivojlantirish va hududlararo aloqalarni mustahkamlash istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi. Hamkorlik yo‘nalishlari qatorida O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyatini Gruziyaning texnologiya, dizayn, sertifikatlash va mahsulotlarni ilgari surish bo‘yicha tajribasi bilan uyg‘unlashtirish masalasi ham bor.

Hukumatlararo komissiyaning 12-yig‘ilishini ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida 2027-yil fevral oyida Toshkent viloyatida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing