O‘zbekistonlik himoyachi CHLdagi eng tezkorlar top-10 taligida

Sport

“Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov Chempionlar ligasining eng tezkor futbolchilari o‘ntaligiga kirib, Yevropaning bir qator mashhur hujumchilarini ortda qoldirdi.

O‘zbekistonlik himoyachi CHLdagi eng tezkorlar top-10 taligida
“Manchester Siti” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Yevropaning eng tez futbolchilaridan biri sifatidagi obro‘sini mustahkamlashda davom etmoqda. CIES ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi joriy Chempionlar ligasida 35,8 km/soat tezlikka erishib, umumiy reytingda sakkizinchi o‘rinni egalladi.

U turnirning eng tez markaziy himoyachisi bo‘ldi va bir qator mashhur hujumchilarni ortda qoldirdi. Jumladan, “Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe (35,67 km/soat), “Liverpul” forvardi Ugo Ekitike (34,91) hamda jamoadoshi Erling Holand (34,87) undan past natija qayd etdi. Reyting yetakchisi “Nyukasl” vingeri Entoni Gordon bo‘ldi — 37,92 km/soat.

Yanvar oyi Husanov uchun klub darajasida ham muvaffaqiyatli o‘tdi: u sakkizta o‘yinda maydonga tushdi, shulardan uchtasida jamoa darvozasini daxlsiz saqlab qoldi va oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Jamoa bosh murabbiyi Pep Gvardiola futbolchining asosiy ustunligi sifatida tezlikni bir necha bor ta’kidlagan. Uning aytishicha, jismoniy tayyorgarlik va dinamika jihatidan Husanov eng yaxshi davridagi Kayl Uokerga o‘xshaydi. “Lans”dan transfer qilingach, murabbiy aynan tezkor qarshi hujumga o‘tish qobiliyati uni jalb qilganini aytgan.

Husanov tezligi bilan bolaligidan ajralib turgan. Uning ilk murabbiyi Sergey Chigodayev yetti yoshidayoq unda sprinterlik sifati yaqqol ko‘ringanini eslagan. Yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev ham uni mamlakatning eng tez futbolchisi deb atagan.

Avvalroq “Lans” safida o‘ynagan paytida ham u tezkor yugurishlari bilan ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan. Fransiya chempionatidagi o‘yinlardan birida u 37 km/soat tezlikka erishgan.

Tezlik Husanovga markaziy himoyada ham, o‘ng qanotda ham samarali harakat qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, raqobat kuchli: “Tottenxem” himoyachisi Miki van de Ven Angliya premyer-ligasida 37,38 km/soat natija bilan rekord o‘rnatgan.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing