O‘zbekistonliklar ilk bor AQShda mavsumiy ishlarga jalb etiladi

O'zbekiston

O‘zbekiston fuqarolari ilk bor AQShda mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida rasmiy ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fik o‘rtasidagi muzokaralar yakunida ma’lum qilindi.

O‘zbekistonliklar ilk bor AQShda mavsumiy ishlarga jalb etiladi
USA Farm Labor 22 yildan ortiq vaqt davomida H-2A dasturi orqali xorijiy ishchilarni jalb qilib kelmoqda va Shimoliy Amerikadagi 1400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlik qiladi.

Onlayn uchrashuvda O‘zbekistondan nomzodlarni tanlash va ularni mavsumiy ishlarga jalb etish tartibi muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi va loyihani tez orada amalga oshirishga kelishib olindi.

Kelishuvga ko‘ra, ish muddati 9–10 oyni tashkil etadi. O‘rtacha oylik ish haqi 3 500 dollar atrofida bo‘lib, yashash xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi.

Asosan qishloq xo‘jaligi sohasida tajribaga ega malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.

Mazkur dastur O‘zbekiston mehnat migratsiyasini yangi bosqichga olib chiqib, fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing