Jasorat va matonat sohiblariga yuksak ehtirom koʻrsatildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi.

Jasorat va matonat sohiblariga yuksak ehtirom koʻrsatildi
Davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan dildan suhbatlashdi. Nuroniylarning hol-ahvoli va salomatligi bilan qiziqdi. Ularning mashaqqatli hayot yoʻli hamda koʻrsatgan jasoratlarini alohida eʼtirof etdi.

– Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, oʻgitlaringizni tinglash bizga katta maʼnaviy kuch bagʻishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bugungi tinch va ozod kunlar, avlodlarning baxtiyor istiqboli sizlarning mislsiz fidokorligingiz mahsulidir. Sizlarning ibratli hayot yoʻlingiz yoshlarimiz uchun haqiqiy matonat maktabidir, – dedi Prezident.

Prezidentning joriy yil 16-apreldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga yuksak darajada ehtirom koʻrsatilmoqda.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari davlatimizning doimiy gʻamxoʻrligida. Ularga moddiy va maʼnaviy koʻmak berish barobarida salomatliklarini tiklash uchun respublikamizning eng yaxshi sanatoriylariga imtiyozli yoʻllanmalar ajratilgan.

– Yaratgan sizlarga vatanparvarlik va fidokorona mehnatingiz mukofoti sifatida uzoq umr, el-yurt ardogʻida yashash baxtini ato etgan. Sizlarning duolaringiz yurtimiz uchun omonlik, ishlarimizga barakadir, – dedi Prezidentimiz.

Uchrashuvda nuroniylar yurtimizda tarixiy xotirani tiklash, keksalarni eʼzozlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing