Toshkentda Chaplin Awards topshirildi: Kiara Chaplin rossiyalik aktrisani taqdirladi

O'zbekiston

Chaplin Awards xalqaro kino mukofoti O‘zbekiston va xorij kino sanoati vakillarini bir joyga jamladi. 23-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan marosimda Charli Chaplinning nabirasi Kiara Chaplin rossiyalik aktrisa Leonela Manturovaga Golden Cane mukofotini topshirdi. O‘zbekistonlik rejissyor Shuhrat Abbosov esa kinematografiya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun vafotidan so‘ng taqdirlandi.

Toshkentda Chaplin Awards topshirildi: Kiara Chaplin rossiyalik aktrisani taqdirladi
Marosim Toshkentdagi «O‘zbekiston» Xalqaro forumlar saroyida The Hollywood Reporter nashri bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir dasturidan mukofot topshirish, kino namoyishlari hamda mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘rin oldi.

Kechadagi asosiy mukofotlardan biri — «Oltin hassa» (Golden Cane) rossiyalik aktrisa Leonela Manturovaga berildi. U tarixiy filmlarda kuchli ayol obrazlarini mahorat bilan gavdalantirgani uchun e’tirof etildi. Mukofotni unga taniqli aktyor va rejissyor Charli Chaplinning nabirasi Kiara Chaplin shaxsan topshirdi.

O‘zbek kinosi namoyandasi, rejissyor Shuhrat Abbosov ham kinematografiya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun vafotidan so‘ng mukofotlandi. Mukofotni uning o‘g‘li Eldjon Abbosov qabul qilib oldi. Uning ta’kidlashicha, bu e’tirof nafaqat oila, balki o‘zbek kinosining xalqaro miqyosda tan olinishi uchun ham muhimdir.

Bundan tashqari, The Hollywood Reporter tahririyati Boris Xanchalyanga kino sanoatiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Featured Producer maqomini berdi.

Marosim yakunida tomoshabinlarga O‘zbekistondagi premyerasi 2025-yilda bo‘lib o‘tgan «Haqqim bor» filmi namoyish etildi. Kartina zo‘ravonlikni boshdan kechirgan bolalar, ularning orzu-intilishlari, ichki kechinmalari va jamiyatda o‘z o‘rnini topishga bo‘lgan harakatlari haqida hikoya qiladi.

Tadbir doirasidagi kino namoyishlari va uchrashuvlar tajriba almashish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Toshkentda 24-oktabr kuni Golden Globes Silk Road Tribute Gala marosimini o‘tkazish ham rejalashtirilgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing