O‘zbekistonliklar sifatsiz mahsulotlar haqida xabar bergani uchun rag‘batlantiriladi

O'zbekiston

O‘zbekistonda “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Unda sifatsiz va xavfsiz bo‘lmagan mahsulotlar haqida xabar bergan fuqarolarga pul mukofoti berilishi nazarda tutilgan. Tashabbus iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan.

O‘zbekistonliklar sifatsiz mahsulotlar haqida xabar bergani uchun rag‘batlantiriladi
O‘zbekistonda “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatga ko‘ra, mahsulot majburiy talablarga javob bermasa, bu haqda xabar bergan fuqarolar moddiy rag‘batlantirilishi mumkin.

Qonun loyihasi oziq-ovqat bo‘lmagan mahsulotlarning xavfsizligini nazorat qilishni tartibga solishga qaratilgan. Hujjatga binoan, iqtisodiy operatorlar mahsulotdagi kamchilikni bilganidan keyin 10 kun ichida tegishli organlarga xabar berishi shart. Bunday ma’lumotni oddiy fuqarolar ham taqdim qilishi mumkin.

Ma’lumot kelib tushgach, bozor nazorati organi 5 kun ichida ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchini xabardor qilishi lozim.

Vazirlar Mahkamasi 4 oy ichida xabar bergan fuqarolarni moddiy rag‘batlantirish tartibini tasdiqlaydi. Shuningdek, xalqaro ekspertlar va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda 6 oy ichida ma’naviy zarar hajmini hisoblash metodikasi ishlab chiqiladi.

Oliy sud esa 3 oy ichida oxirgi 3 yil davomida ma’naviy zarar uchun to‘lov tayinlangan ishlar bazasini shakllantiradi. Bu baza keyinchalik sudlar uchun foydalanishga taqdim etiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing