Oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol normalari har 3 yilda qayta ko‘rib chiqiladi

O'zbekiston

“Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1023-sonli Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol normalari har 3 yilda qayta ko‘rib chiqiladi
Shuningdek, Qonun oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Vazirlar Mahkamasi oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi hamda O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelganda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni belgilaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning maqsadi mamlakat aholisining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish hisobiga qanoatlantirishdan iborat.

Oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol normalari mamlakatning demografik, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlariga asosan har 3 yilda qayta ko‘rib chiqiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing