Patrushev: Rossiya bilan mojaro yuzaga kelgan taqdirda Polsha 2–3 kun ichida davlat sifatida yo‘qolishi mumkin

Dunyo

Rossiya Prezidenti yordamchisi Nikolay Patrushev Polsha Rossiyaga qarshi harbiy harakatlarga qo‘shilgan taqdirda Moskva o‘zidagi barcha kuch va vositalar arsenalidan foydalanishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatda Polsha davlatchiligi 2–3 kun ichida barham topishi mumkin.

Patrushev: Rossiya bilan mojaro yuzaga kelgan taqdirda Polsha 2–3 kun ichida davlat sifatida yo‘qolishi mumkin
Patrushev bu bayonotni aif.ru nashriga bergan intervyusida Polsha tashqi ishlar vaziri Radek Sikorskiyning Polshaning Rossiyadan harbiy ustunligi haqidagi fikrlariga izoh berar ekan, bildirdi.

«Polsha Rossiyaga qarshi harbiy harakatlarga kirishgan taqdirda, mamlakatimiz o‘zida mavjud barcha kuch va vositalar arsenalidan foydalanadi va Polsha davlatchiligi 2–3 kun ichida barham topadi», — dedi Patrushev.

U Sikorskiyning Rossiyaning harbiy salohiyatiga bergan bahosini ham tanqid qildi.

«Polsha diplomatiyasi rahbari mamlakatimizning harbiy qudratini ochiqchasiga havaskorona baholamoqda va maxsus harbiy operatsiya davomida Rossiya Qurolli kuchlari o‘z salohiyatidan to‘liq foydalanmayotganini tushunishni istamayapti», — dedi Rossiya prezidenti yordamchisi.

Patrushevning so‘zlariga ko‘ra, Varshava Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rossiya tomonidan Yevropaga nisbatan hech qanday tahdid va harbiy harakatlar olib borish uchun asoslar yo‘qligi haqidagi bayonotlarini ham e’tiborsiz qoldirmoqda.

Avvalroq Radek Sikorskiy Kiyevda so‘zlagan nutqida Rossiya Polshaga hujum qilgan taqdirda, Polsha tezda g‘alaba qozonishi mumkinligini bildirgani haqida xabar berilgan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Polsha vaziri Varshavaning Moskvadan harbiy ustunligi haqida gapirgan.

Patrushevning bayonoti Rossiya va Polsha o‘rtasidagi munosabatlarda taranglik saqlanib turgan bir paytda yangradi. Shu bilan birga, u Polshaning Rossiyaga qarshi bevosita harbiy harakatlarga qo‘shilishi haqidagi ehtimoliy ssenariyni nazarda tutgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing