Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston terma jamoasini shaxmat Olimpiadasidagi ikkinchi g‘alaba bilan tabrikladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning shaxmat va parashaxmat bo‘yicha terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashdi. Davlat rahbari sportchilarni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba bilan tabriklab, umumiy natijaga har bir ishtirokchi katta hissa qo‘shganini ta’kidladi.

Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston terma jamoasini shaxmat Olimpiadasidagi ikkinchi g‘alaba bilan tabrikladi
Prezident Samarqandda 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam bo‘lganini qayd etdi. Uning aytishicha, bunday kuchli raqobatda O‘zbekiston bayrog‘ini eng yuqoriga ko‘tarish jasorat, katta aql-zakovat va mustahkam iroda namunasidir. Olimpiadani Samarqandda bevosita 60 mingdan ortiq mehmon kuzatgan, mamlakat hududlaridagi fan-zonalarga qariyb 500 ming muxlis tashrif buyurgan, millionlab yurtdoshlar esa bahslarni televideniye va internet orqali tomosha qilgan.

Davlat rahbari amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston ustidan qozonilgan g‘alabaga alohida to‘xtaldi. U Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Saringa qarshi partiyasida vaziyat og‘irlashganiga qaramay, shaxmatchi oxirigacha kurashgani va topqir taktik yurishlari hal qiluvchi g‘alabani ta’minlaganini ta’kidladi. Keyin O‘zbekiston Xitoyni 3:1 hisobida mag‘lub etdi va jahon reytingi yetakchisi, olti karra Olimpiada chempioni AQSh terma jamoasidan ham ustun keldi.

Nodirbek Abdusattorov turnirni mag‘lubiyatsiz yakunlab, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritdi. Prezident uning Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpildagi g‘alabasini ham alohida qayd etdi. Javohir Sindorovga esa jahon chempionligi uchun bo‘lajak bahsda omad tilab, uning ortida jamoadoshlari, ustozlari va butun O‘zbekiston xalqi turganini aytdi.

Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kuni qora donalarda ukrainalik Roman Dehtyarovni mag‘lub etib, jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni keltirdi. Shamsiddin Vohidov esa amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi tengma-teng kurashdi. Prezident: «Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi.

Ikkinchi erkaklar terma jamoasi jahon reytingida oltinchi o‘rinda turgan Niderlandiyani yirik hisobda mag‘lub etdi. Uchinchi jamoa tarkibidagi 17 yoshli Asrorjon Omonov sakkizta partiyada yettita g‘alabaga erishdi. Prezident O‘zbekistonda kuchli shaxmatchilarning butun bir avlodi shakllanayotganini ta’kidladi.

Ayollar terma jamoasi 11 turning yettitasida g‘alaba qozondi. Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchilarning mehnati e’tirof etildi.

Samarqandda o‘tgan uchinchi FIDE parashaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritdi. Selbi Kakishova yetti partiyada olti ochko jamg‘arib, o‘z taxtasida kumush medal oldi. Abdulaziz Bahodirov shaxsiy hisobda bronza medalni qo‘lga kiritdi, Ahadxon Kimsanbayev esa turnirni mag‘lubiyatsiz yakunladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing