Prezidentimiz YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi

O'zbekiston

30-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi ochilish marosimida ishtirok etadi. Bu tarixiy anjuman so‘nggi 40 yil ichida ilk bor Parijdan tashqarida, qadimiy va go‘zal Samarqand shahrida o‘tkazilmoqda.

Prezidentimiz YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi
Mazkur nufuzli xalqaro forumning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizning yuksak xalqaro nufuzi va global muloqotga faol hissasi ifodasidir. Unda ta’lim, fan, madaniyat, ekologiya va texnologiyalar sohalaridagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Samarqandda 200 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Tashrif buyuruvchilar orasida Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchich, Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini, YUNESKO Bosh direktori Odri Azule va boshqa nufuzli mehmonlar bor.

YUNESKO 1945-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan muassasasi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, fan va madaniyat orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

O‘zbekiston 1993-yilda YUNESKO a’zosi bo‘lgan, 1996-yilda Toshkentda tashkilot vakolatxonasi ochilgan. Bu esa hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan muhim voqea bo‘lgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing