Ziroat Mirziyoyeva bolalar salomatligini himoya qilishdagi yetakchiligi uchun JSST mukofotini oldi

O'zbekiston

O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva saraton kasalligiga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish va har bir bolaning sog‘lom hayotga bo‘lgan huquqini ilgari surishdagi yetakchiligi uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mukofotni JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus Samarqandda bo‘lib o‘tgan bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Jahon sammiti hamda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress doirasida topshirdi.

Ziroat Mirziyoyeva bolalar salomatligini himoya qilishdagi yetakchiligi uchun JSST mukofotini oldi
«Hurmatli Birinchi xonim! Siz butun dunyo bolalari, ayniqsa, saraton kasalligiga qarshi kurashayotgan bolalar uchun haqiqiy himoyachisiz. Har bir bolaning ta’lim olish va sog‘lom hayot kechirish huquqini himoya qilasiz», — dedi Tedros Adhanom Gebreyesus.

Mukofot 2019-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, aholi salomatligini muhofaza qilish sohasida aniq natijalar bergan alohida yetakchilik va yutuqlarni e’tirof etadi. Avvalgi laureatlar orasida davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, Nobel mukofoti sovrindorlari, olimlar hamda jamoat arboblari bor. Ular global emlash dasturlarini rivojlantirish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sog‘liqni saqlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlangan.

Sammit doirasida Zamin fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva mehmonlar bilan birga bolaning hayot yo‘liga bag‘ishlangan ko‘rgazmani ham tomosha qildi.

Ekspozitsiyada bo‘lajak onaga g‘amxo‘rlik qilish va xavfsiz tug‘ruqdan boshlab bolaning ilk qadamlari, bog‘cha, maktab, yangi muhitga moslashish, kasb tanlash va mehnat faoliyatining boshlanishigacha bo‘lgan jarayon aks ettirildi. Ko‘rgazma bolaning asosiy ehtiyojlari — xavfsizlik, oila yaqinligi, ta’lim olish, muloqot qilish va kelajagini tanlash imkoniyatining ahamiyatini ochib berdi.

Shuningdek, bolalar uchun zarur sharoitlarni yaratishda davlat va jamiyatning uzluksiz mas’uliyatiga e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va ta’lim bolaning kelajagi va imkoniyatlarini belgilaydigan o‘zaro bog‘liq sohalar sifatida namoyish etildi.

Tashrif yakunida mehmonlar katta qog‘oz kemaga o‘zlarining eng samimiy tilaklarini yozib, ilib qo‘ydilar. Bu umumiy umidlarni ramziy ravishda uzoq safarga kuzatishni ifodaladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing