Putin 24 soat ichida BAA Prezidenti va Saudiya shahzodasi bilan muzokaralar o‘tkazdi

Siyosat

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Ukrainadagi harbiy jinoyatlarda ayblanayotgan Rossiya Prezidentini hibsga olish uchun order bergan XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi.

Putin 24 soat ichida BAA Prezidenti va Saudiya shahzodasi bilan muzokaralar o‘tkazdi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 6-dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Saudiya Arabistoniga amaliy tashrif bilan borib, bu davlatlar rahbarlari bilan uchrashdi. Uni Abu-Dabida Prezident Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Ar-Riyodda valiahd shahzoda va vazirlar kengashi raisi Muhammad bin Salmon Ol Saud qabul qildi.

Har ikki davlatdagi muzokaralarning aksariyati yopiq eshiklar ortida, avvaliga delegatsiyalar, keyin esa yakkama-yakka shaklda o‘tdi. Ikki tomonlama munosabatlar masalalari va xalqaro mavzular, xususan, Falastin-Isroil mojarosi va Ukrainadagi urush muhokama qilindi. Putin Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bilan ikki davlatning OPEK+ doirasidagi hamkorligini ham muhokama qildi.

BAA va Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida Putinning samolyoti mintaqadagi oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat tufayli Rossiya qiruvchi samolyotlari tomonidan kuzatib borilgan, dedi Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. 7-dekabr kuni Putin Moskvaga qaytadi va u yerda Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Xalqaro jinoiy sud Putinni Gaagada hibsga olishga order berganidan keyin bu uning Yaqin Sharqqa ilk safari. BAA va Saudiya Arabistoni XJSning yurisdiksiyasini tan olmaydi hamda uning ishida ishtirok etmaydi. Rossiya Prezidenti bundan oldin MDHning uchta davlatiga va Rossiya bilan chegaradosh Xitoyga, shuningdek, Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlariga tashrif buyurdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing